Fransiyada eng kam ish haqini oshirish talabida ommaviy namoyishlar
Fransiyaning yirik shaharlarida 5-noyabr kuni eng kam ish haqini oshirishni talab qilgan keng miqyosli namoyishlar bo'lib o'tdi. Norozilik aksiyalari politsiya bilan to'qnashuvlarga sabab bo'lib, 448 kishi hibsga olindi.
Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, namoyishlarda qariyb 575 ming kishi ishtirok etgan. Eng yirik kasaba uyushmasi CGT esa ishtirokchilar sonini 1,6 million deb baholagan. Aksiyalar mamlakat bo'ylab o'tkazildi.
Vazirlikning xabar berishicha, Marsel, Nant, Lion, Bordo va Strasburg kabi shaharlarda politsiyaga yuzlab «radikal so'l ekstremistlar» hujum qilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, 86 ta o't qo'yish holati qayd etilgan.
Ta'lim muassasalari ham zarar ko'rgan. Tuluzada norozilar maktab binosiga o't qo'yib, sinfxonalarni vayron qilgan. Parij yaqinidagi La-Kurnyovda aksiyada qatnashgan yigit o'quvchiga pichoq bilan jarohat yetkazgan, Lillda esa maktab binosidagi yong'indan so'ng odamlarni evakuatsiya qilishga to'g'ri kelgan.
Kasaba uyushmalari oylik eng kam ish haqini 100 yevroga oshirishni talab qilmoqda. CFDT rahbari Marilis Leon soliqlardan keyingi maoshni shu miqdorda oshirishga chaqirgan. CGT rahbari Sofi Bine esa Fransiyani so'nggi 10 yilda eng kam ish haqi eng sust o'sgan Yevropa mamlakatiga aylanganini ta'kidlagan. Hozir soatlik eng kam ish haqi soliqlar ushlanishidan oldin 12,31 yevroni tashkil etadi, bu haftasiga 35 soat ishlaganda oyiga taxminan 1867 yevroga teng. Germaniyada esa 2027-yil yanvaridan eng kam soatlik ish haqi 14,60 yevroga ko'tariladi.
Manba: Kun.uz