Michigan shtatida AQSh Senatiga ilk musulmon senator saylandi
Michigan shtatida progressiv demokrat Abdul Al-Said respublikachi Mayk Rojersni mag'lub etib, AQSh tarixida Senatga saylangan ilk musulmonga aylandi. Saylov kampaniyasi uning dini va ismiga qaratilgan hujumlar bilan o'tdi.
3-noyabrdagi oraliq saylovlarda ovozlarning 96 foizi sanalganda Al-Said 52,4 foiz, Rojers 45,6 foiz ovoz to'pladi. Libertarlar partiyasi nomzodi Lidiya Kristensen 1 foiz ovoz oldi. Al-Said yanvarda lavozimga kirishadi va qayta saylovda qatnashmagan demokrat senator Geri Piters o'rnini egallaydi.
Al-Said g'alabasini AP va yirik telekanallar natijani e'lon qilishidan bir soat oldin Detroytdagi tadbirda ma'lum qildi. Uning nutqida birlikka va ikki partiya hamkorligiga chaqiriq bo'lmadi. U o'z kampaniyasini umid kampaniyasi, raqibinikini esa korporatsiyalar pulidagi reklama kampaniyasi sifatida ta'rifladi.
Bu saylov Michigan tarixidagi eng qimmat saylov bo'ldi. AdImpact ma'lumotiga ko'ra, teleko'rsatuv va internet reklamasiga 278 mln dollar sarflangan, The Detroit News esa umumiy xarajatlarni 400 mln dollardan oshgan deb hisoblagan. Al-Said iyul oxiridan sentabr oxirigacha 30,7 mln dollar yig'ib, shtat rekordini yangiladi.
The Guardian yozishicha, kampaniya davomida Al-Saidga qarshi irqchilik va islomofobik hujumlar bo'lgan. Prezident Donald Tramp uni "kommunist" va "jihodchi" deb atagan.
Manba: Kun.uz