Uxanda Osiyodagi eng uzun halqa metro liniyasi ochildi
Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Uxan shahrida uzunligi 59,9 kilometr boʻlgan 12-metro yoʻnalishi toʻliq ishga tushirildi. Liniya shaharning yettita markaziy tumanini va ikkita yirik temir yoʻl vokzalini bogʻlaydi.
Liniyada 37 ta yer osti bekati bor, u mavjud va rejalashtirilgan 18 ta metro yoʻnalishiga ulanish imkonini beradi. Poyezdlarga halqa boʻylab toʻliq bir davr taxminan 96 daqiqa vaqt oladi.
Qurilish ikki bosqichda yakunlandi: 35,3 kilometrlik birinchi qism 1-may kuni ochilgan, 24,6 kilometrlik ikkinchi qism esa halqani tutashtirdi. Yoʻnalish Yangtszi daryosi ostidan ikki marta, Xan daryosi ostidan bir marta oʻtadi, bu Xitoydagi eng uzun daryo osti metro tunnellari hisoblanadi.
Liniyada GOA4 darajasidagi toʻliq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilgan. Poyezdlar oʻzini oʻzi tekshiradi, bekatlarda mustaqil toʻxtaydi, tirbandlik paytida qatnov oraligʻini sozlaydi va favqulodda vaziyatda aylanma yoʻlni rejalashtiradi. Boshqaruv markazi istalgan vaqtda masofadan boshqaruvni oʻz qoʻliga olishi mumkin.
Liniyaning ochilishi Yangtszi va Xan daryolari bilan ajratilgan shahar qirgʻoqlari oʻrtasidagi uzoq yillik transport muammolarini hal qiladi.
Manba: Daryo