Juma, 6-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Toshkentda uchta koʻchadagi qurilish sabab avtobuslar kechikmoqda

Toshkentning bir qator avtobus yoʻnalishlarida qatnov oraligʻi uzayib, yoʻlovchilar bekatlarda koʻproq kutmoqda. Shahar transport boshqarmasi buni Shahrisabz, Amir Temur shoh va Yangi Sergeli koʻchalaridagi qurilish ishlari bilan bogʻladi.

Hozir ushbu koʻchalarda jamoat transporti uchun ajratilgan yoʻlaklar (BRT) qurilmoqda hamda kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Ishlar qamragan qismlarning umumiy uzunligi 5,09 kilometr boʻlib, shundan 2,73 kilometri Amir Temur shoh koʻchasiga toʻgʻri keladi.

Qurilish munosabati bilan ayrim yoʻl qismlarida transport harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Bu bir qator koʻchalarda tirbandlikni kuchaytirib, ayniqsa tong va kechki tiqin paytlarida avtobuslarning belgilangan jadval va qatnov oraligʻiga rioya qilishiga taʼsir qilmoqda.

Boshqarma qurilish tugab, yoʻllarda odatdagi harakat tiklangach, tirbandlik kamayib, avtobuslar qatnovi barqarorlashishini bildirdi. Ishlarning yakunlanish muddati esa rasmiy ravishda koʻrsatilmagan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid