Oqtovda yordam soʻragan uch oila diplomatlar yordamida vatanga qaytdi
Oqtovda ogʻir vaziyatga tushib qolgan uch oila Oʻzbekiston diplomatlarining koʻmagi bilan vatanga qaytdi.
«Dunyo» axborot agentligining xabariga koʻra, uch nafar oʻzbekistonlik ayol Oqtovdagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilib, vatanga qaytishda yordam soʻragan.
Konsulxona murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqib, oilalarga zarur koʻmak koʻrsatgan. Ayollar va ularning farzandlariga vatanga qaytish uchun kerakli guvohnomalar bepul rasmiylashtirilgan.
Natijada jami yetti nafar fuqaro Oʻzbekistonga qaytarildi. Xabarda oilalarning qanday sabablarga koʻra ogʻir vaziyatga tushib qolgani aniqlanmagan.
Manba: Kun.uz