«10 ming qadam» aksiyasi: rag‘batlantirish endi yilda bir marta bo‘ladi
Oʻzbekistonda «10 ming qadam piyoda» aksiyasining yangi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi. Unga koʻra, eng faol ishtirokchilar kunlik emas, yilda bir marta mukofotlanadi.
Nizom loyihasi «Ekofaol fuqaro» platformasi orqali e’lon qilindi. Uni Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Sport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tayyorlagan.
Aksiyada 18 yoshdan katta oʻzbekistonliklar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar id.egov.uz orqali roʻyxatdan oʻtib, telefoniga Google Fit yoki HealthKit ilovasini oʻrnatishi kerak; bir kishi faqat bitta akkaunt va bitta qurilmadan foydalanadi. Qadamlar har kuni 00:00 dan 23:59 gacha hisoblanadi.
Bir yil davomida har kuni kamida 10 ming qadam yurgan va eng yuqori natija koʻrsatganlar orasidan gʻoliblar aniqlanadi. Ularni har yili dekabrning uchinchi dekadasida bir marta taqdirlash rejalashtirilgan, avvalgi versiyada esa kuniga 10 ming qadam yurgan fuqaro 3000 soʻm bilan rogʻbatlantirilardi.
Qadamlarni sunʼiy intellekt yoki maxsus dasturlar, shuningdek, avtomobil, samokat yoki velosiped kabi vositalar yordamida sunʼiy oshirish qatʼiyan taqiqlanadi. Eslatib oʻtamiz, 2026-yil 25-martda prezident tajribani qayta tiklash toʻgʻrisidagi hujjatni imzolagan, ammo tizim hali qayta ishga tushirilmagan.
Manba: Gazeta.uz