«Faol fuqaro» maqomi: kontrakt va avtokredit bo‘yicha imtiyozlar
Loyihaga ko‘ra, har bir tuman va shaharda yiliga 208 nafar fuqaroga «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomi beriladi. Maqom egalari davlat xizmatlari, kontrakt to‘lovi va avtokredit bo‘yicha imtiyozlardan foydalanadi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasida jamiyat hayotida faol ishtirok etgan va ijtimoiy topshiriqlarni bajargan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimi joriy etilishi nazarda tutilgan. Loyiha muhokamasi 20 noyabrgacha davom etadi.
Loyihaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi har bir tuman hamda shahar bo‘yicha bir yil davomida 208 nafar fuqaro maqomga ega bo‘ladi. Imtiyozlar orasida davlat xizmatlari uchun yig‘im va to‘lovlarda (davlat bojidan tashqari) 10 foizlik chegirma, oliy ta’lim kontrakt to‘lovining 5 foizini OTMning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplash hamda avtokredit boshlang‘ich badalining 3 foizini (BHMning 20 baravaridan oshmagan miqdorda) Mahallalar uyushmasi jamg‘armalari hisobidan qoplash bor.
Maqom egalariga «Faol fuqaro» nishoni topshiriladi va uy eshigiga maxsus belgi o‘rnatiladi. Baholash «1 soat = 1 ball» tamoyili asosida beshta ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi, umumiy maksimal ball — 100. Arizalar har oyning 15-sanasigacha Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali topshiriladi. 75 va undan yuqori ball to‘plagan arizachilar 208 talik kvota doirasida avtomatik tanlanadi, teng ball bo‘lsa, arizani avval yuborgan fuqaroga ustunlik beriladi.
Manba: Gazeta.uz