Rub al-Xoli choʻlidagi qadimiy koʻllar yonida inson izi topilmadi
Arabiston yarimorolidagi Rub al-Xoli choʻlida qadimiy suvli koʻllar qoldiqlari topilgan 55 ta joyda inson yashaganini tasdiqlovchi dalil aniqlanmadi. Olimlar buning sababini mehnat qurollari yasash uchun yaroqli tosh yetishmasligida deb hisoblaydi.
Avstriyadagi Vena universiteti tadqiqotchisi Rudolf Dellmur boshchiligidagi xalqaro guruh suv va oziq manbalari mavjud boʻlgan ayrim hududlarda nega odamlar joylashmaganini oʻrgandi. Natijalar Nature jurnalida eʼlon qilindi.
2023-yilda olimlar choʻlga ekspeditsiya uyushtirib, sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va oldingi tadqiqotlarga asoslangan 125 ta nuqtani tekshirdi. Ular 35 kun davomida 1500 kilometr yoʻl bosib, 55 ta joyda qadimda chuchuk suvli havzalar mavjud boʻlganini koʻrsatuvchi izlarni topdi, ammo bu joylarning birortasidan tosh qurol yoki inson yashaganini tasdiqlovchi boshqa ishonchli dalil chiqmadi.
Keyingi tahlilda suvga yaqinligi tufayli yashash uchun qulay deb baholangan hududlarning 57 foizi tosh qurol yasashga yaroqli jinslar qayd etilmagan geologik qatlamlarga toʻgʻri kelgani maʼlum boʻldi. Avvaldan ma'lum manzilgohlar esa suv va tosh xomashyosi birga mavjud boʻlgan joylarda uchragan.
Mualliflarning fikricha, yaroqli tosh yetishmovchiligi qadimgi odamlarning tarqalishini cheklagan boʻlishi mumkin. Shu sababli manzilgohlarning joylashuvini tushunish uchun faqat suv manbalari emas, qurol yasash uchun tosh zaxiralari ham hisobga olinishi kerak.
Manba: Kun.uz