Juma, 6-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Rossiyada radioaktiv chiqindilarni izolyatsiya usuli sinalmoqda

Rossiyada «Rosatom» Krasnoyarsk oʻlkasida 500 metrdan ortiq chuqurlikda yerosti laboratoriyasini qurmoqda. Olimlar bu yerda radioaktiv chiqindilarni minglab yil davomida ishonchli izolyatsiya qilish imkoniyatini tekshiradi.

Radioaktivligi uzoq vaqt saqlanadigan yuqori va oʻrta faollikdagi chiqindilar asosan ishlatilgan yadroviy yoqilgʻini qayta ishlash jarayonida hosil boʻladi. Ular minglab yil davomida xavf tugʻdirishi mumkin, shu sababli ularni joylashtirish va tashqi muhitdan ajratib saqlash usullari puxta tekshirilishi zarur.

Laboratoriya Nijne-Kansk massividagi togʻ jinslari orasida barpo etilmoqda. Loyihaga ilmiy rahbarlikni Rossiya Fanlar akademiyasining Atom energetikasini xavfsiz rivojlantirish muammolari instituti (IBRAE RAN) amalga oshiradi. Tadqiqot tabiiy geologik muhit va muhandislik himoya tizimlari radionuklidlarni qanchalik ishonchli ushlab turishini tajribalar orqali baholashga qaratilgan.

Dastur 150 dan ortiq ilmiy yoʻnalishni qamrab oladi: togʻ jinslari xususiyatlari, turli gillar va chiqindilar uchun maxsus konteynerlarning izolyatsion xossalari sinovdan oʻtkaziladi. Shuningdek, chiqindilar bilan ishlash texnologiyalari takomillashtiriladi, nazariy hisob-kitoblar esa haqiqiy geologik sharoitdagi maʼlumotlar bilan solishtiriladi.

Radioaktiv chiqindilar bilan ishlash milliy operatorining «Sibirskiy» filiali direktori Andrey Daxno bu loyihani yuqori faollikdagi chiqindilarni yakuniy izolyatsiya qilish yechimlarini ishlab chiqishdagi muhim bosqich deb atagan. Laboratoriya qurilishi 2018-yildan davom etmoqda va u «2016–2020-yillarda va 2035-yilgacha boʻlgan davrda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash» federal maqsadli dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid