Geyts: sun'iy intellekt pandemiyadan ham xavfliroq bo'lishi mumkin
Microsoft asoschisi Bill Geyts sun'iy intellekt COVID-19 dan ham xavfliroq pandemiyaga olib kelishi mumkinligini ogohlantirdi. U bu fikrini 4-noyabrda Future of AI sammitidagi nutqida bildirdi.
Milliarder eng katta bevosita xavf sifatida jinoyatchilarning SI yordamida biologik qurol yaratishi yoki raqamli infratuzilmaga kiberhujumlar uyushtirishini ko'rsatdi. Uning so'zlariga ko'ra, ayrim ochiq modellardagi himoya mexanizmlari va monitoring tizimlarini o'chirib qo'yish mumkin.
Geytsning fikricha, SI ishtirokidagi biologik hodisaning zarari 2020–2021 yillardagi koronavirus pandemiyasidan ancha katta bo'lishi mumkin. Shu pandemiyada qariyb 15 million kishi halok bo'lgan. U sun'iy intellekt sohasining o'z-o'zini tartibga solishi samara bermasligini va muammoni faqat davlat darajasida hal qilish mumkinligini aytdi.
Geytsning ta'kidlashicha, xalqaro tartibga solish harakatlari AQSH ishtirok etmayotgani sababli sekinlashmoqda. U Tramp ma'muriyatini bu masalaga e'tibor bermagani uchun tanqid qilib, "AQSH ishtirok etmasa, bu borada harakat qilishning deyarli foydasi yo'q", dedi. Sentyabr oyida esa u sun'iy intellekt milliardlab o'limga olib kelishi mumkinligini aytib, davlatning himoya choralarini ishlab chiqishda qatnashishi kerakligini ta'kidlagan edi.
Manba: Daryo