Xitoyda 190–199 million yillik dinozavr tuxumi qobig‘i topildi
Xitoyning Yunnan provinsiyasida 190–199 million yil avval yashagan dinozavr embrionlari va yumshoq tuxum qobig‘i qoldiqlari aniqlandi. Qobiqning organik pardasi saqlanib qolgani olimlarga uning tuzilishini batafsil o‘rganish imkonini berdi.
Xebey universiteti va Xitoy Fanlar akademiyasi tadqiqotchilari topilmani tavsifladi. Qobiq qisman minerallashgan, ammo yumshoq bo‘lgan; bu dinozavr tuxumlarida shunday qobiq bo‘lganini ko‘rsatadigan eng qadimgi dalillardan biri hisoblanadi. Natijalar Nature Communications jurnalida e’lon qilindi.
Topilmaga Mutabilisoolithus dawaensis nomi berildi, tuxumlar zavropodomorflarning dastlabki vakillariga tegishli bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Qobiqning mineral qismi yupqa, organik parda esa qalinroq va bir necha qatlam tolalardan iborat. Mikroskop tekshiruvi mineral tuzilmalar siyrak joylashganini ko‘rsatdi.
Embrionlarning tishlari shu hududda yashagan yunnanozavr tishlariga o‘xshaydi, ammo bu ularni aynan shu turga mansub deb aytish uchun yetarli emas. Namunaning aniq yoshi hali belgilanmagan, olimlar uni erta yura davrining sinemyur bosqichiga oid deb hisoblamoqda.
2020-yilgi tadqiqotda ham dinozavr tuxumlarining yumshoq bo‘lishi haqida farazlar ilgari surilgan, ammo masala hali yakuniy hal etilmagan. Yangi topilma dinozavr tuxumlarining dastlabki qobig‘i qanday bo‘lgani haqidagi bahsga aniq javob bermaydi, biroq qobiq minerallashuvining dastlabki bosqichlaridan birini aks ettirishi mumkin.
Manba: Kun.uz