20 ta OTM karyera markazi har yili 500 mln soʻm ragʻbat oladi
«Bitiruvchi sifati indeksi» boʻyicha eng yuqori natija koʻrsatgan 20 ta oliy taʼlim muassasasining karyera markazlari har yili 500 mln soʻm moliyaviy ragʻbat oladi. Adliya vazirligi indeksni hisoblash tartibini davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
Vazirlikning xabar berishicha, tegishli idoraviy hujjat 2026-yil 31-oktabrda 3964-raqam bilan roʻyxatga olingan. Unga koʻra indeks hisobot yili yakunlari boʻyicha toʻrtta koʻrsatkichga tayanib shakllantiriladi. Hisobot davri har yili 1-iyuldan boshlanib, keyingi yilning 30-iyunigacha davom etadigan 12 oyni qamrab oladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilar uchun alohida hisoblash tartibi nazarda tutilgan. Ular ish bilan band boʻlish tezligi va bandlik toifasi boʻyicha eng yuqori koeffitsient bilan hisobga olinadi, barqaror bandlik darajasi hisobida esa barqaror bandligi taʼminlangan bitiruvchilar sifatida qaraladi. Agar bitiruvchi bir vaqtning oʻzida bir nechta bandlik toifasiga mansub boʻlsa, unga eng yuqori qoʻshimcha koeffitsient qoʻllanadi.
Ragʻbatlantirish tizimi prezidentning 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son farmoni bilan belgilangan. Farmonga muvofiq, indeksni ishlab chiqish va har yili eng yaxshi natija koʻrsatgan 20 ta OTM karyera markazini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan.
Manba: Kun.uz