Angrenda qalbaki pul tayyorlagan ikki kishi qoʻlga olindi
Angren shahrida ikki kishi 79,8 mln soʻm qalbaki pul bilan ushlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi ichki ishlar idorasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbir chogʻida shaxslar jinoyat ustida ushlangan.
Aniqlanishicha, 33 yoshli angrenlik 29 yoshli tanishi bilan kelishib, koʻp qavatli uylardan birida xonadonni ijaraga olgan va u yerda pul soxtalashtirgan. Xonadonni koʻzdan kechirishda yarim tayyor 100 va 200 ming soʻmlik banknotalar, jami 79,8 mln soʻm, rangli printer, boʻyoqlar va kantselyariya buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ikkala shaxs ilgari sudlangan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Manba: Gazeta.uz