Angrenda 80 mln so‘mlik qalbaki pul tayyorlash to‘xtatildi
Toshkent viloyatining Angren shahrida qariyb 80 mln so‘mlik qalbaki pul muomalaga kiritilishining oldi olindi. Ish bo‘yicha ikki kishi aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabar berishicha, 1993 yilda tug‘ilgan shaxs 1997 yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, shahardagi ko‘p qavatli uylardan birida xonadonni ijaraga olgan va u yerda qalbaki pul tayyorlagan. Ular muqaddam sudlangan bo‘lsa-da, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida uy ko‘zdan kechirilib, yarim tayyor 100 va 200 ming so‘mlik banknotalar, jami 79,8 mln so‘m, rangli printer, bo‘yoqlar va kantselyariya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ishga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat guruh tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Oldinroq Andijonda 297 mln so‘mlik qalbaki pul shartli xaridorga 148 mln so‘mga sotilgani, Toshkentda esa 8,4 ming dollar miqdoridagi qalbaki pulni haqiqiysiga almashtirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani eslatib o‘tildi.
Manba: Daryo