AQShlik bloger Rapunzel minorasi orqali bolalarga shirinlik ulashdi
AQShlik bloger Mikara Tyuers Xellouin bayrami uchun Diney multfilmidagi Rapunzel minorasini yasab, soch o‘rimiga bog‘langan savatcha orqali bolalarga shirinliklar tushirdi. Unga eri, haykaltarosh Den Chudzinski yordam bergan.
Tyuers Ogayo shtatining Findli shahrida yashaydi va murakkab kostyumlari bilan tanilgan havaskor dizayner hisoblanadi. Uning YouTube kanaliga 2,7 million kishi obuna bo‘lgan.
Minoraning old qismi qurilish penopolistidan yasalib, uy kirish qismiga mahkamlangan. Malika qiyofasi uchun sun’iy gullar taqilgan parik ishlatilgan, shirinliklar esa chiroqlar bilan bezatilgan savatchada pastga tushirilgan.
Eri, haykaltarosh Den Chudzinski Flinn Rayder kiyimini kiyib yordam bergan, Gotel onani boshqa bir ayol ijro etgan, ammo blogger uning ismini oshkor qilmagan. Tayyorgarlik jarayonini blogger ijtimoiy tarmoqlarida kuzatib borgan.
Manba: Daryo