Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Dunyo Bugun, 15:51 1 marta oʻqildi

Dunyoda jurnalistlar o‘limi ikki yilda 20 foizga oshdi — UNESCO

UNESCO ma’lumotiga ko‘ra, 2024–2025-yillarda dunyoda 189 nafar jurnalist kasbiy faoliyati tufayli halok bo‘lgan. Bu 2022–2023-yillarga nisbatan 20 foizga ko‘p.

Qurbonlarning 127 nafari harbiy harakatlar zonalarida halok bo‘lgan, ularning 40 foizi dronlar zarbasidan vafot etgan. Eng ko‘p jurnalist Falastinda (62 kishi) halok bo‘lgan, undan keyin Meksika (17 kishi) va Sudan (14 kishi) turadi. Ukrainadagi urush davomida esa 12 nafar OAV xodimi vafot etgan.

Hisobotda qayd etilishicha, jurnalistlar hatto front chizig‘idan uzoqda ham qasddan nishonga olinmoqda. Mojaro zonalaridagi to‘rt mamlakatda vaqtincha tayyorlangan tahririyat va ish joylarida 36 nafar jurnalist halok bo‘lgan, bitta hujumda esa to‘qqiz kishi o‘ldirilgan.

So‘nggi 20 yilda UNESCO 1600 nafar jurnalist o‘limini qayd etgan, ammo ularning atigi 14 foizi bo‘yicha tergov o‘tkazilgan. Qurolli nizolar bo‘lmagan mamlakatlarda yakunlanmagan tergovlar ulushi 2012-yildagi 94 foizdan 2026-yilda 77 foizga tushgan. UNESCO bosh direktori Xolid al-Inoniy matbuot erkinligini himoya qilish «har qachongidan ham muhimroq» ekanini ta’kidlagan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid