Detroitlik Klod P. Mur rezinkalardan eng katta shar yasadi
AQShning Detroyt shahrida yashovchi Klod P. Mur kantselyariya rezinkalaridan dunyodagi eng katta sharni yasab, Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi.
Klod rezinka tasmalarini 10–11 yil oldin, shifokor koʻrigiga qatnab yurgan paytida yigʻishni boshlagan. 2015-yilda hamkasblari unga yigʻilgan rezinkalardan katta shar yasashni taklif qilishgan.
Shar shu darajada kattalashib ketganki, uni garajga sigʻdirib boʻlmagan va maxsus ombor konteyneriga koʻchirishga toʻgʻri kelgan.
Sharning ogʻirligi 5251 kilogrammga yetgan, bu taxminan katta yoshli fil ogʻirligiga teng. Uni oʻlchash uchun kran va oʻnlab odamlar yordamida Bell Ayl oroliga olib chiqilgan, Ginnes rekordlar kitobining rasmiy vakili yangi jahon rekordini tasdiqlagan.
Oldingi rekord 2008-yilda Florida shtatida yashovchi Joel Uol tomonidan oʻrnatilgan edi, uning sharining ogʻirligi 4097 kilogramm boʻlgan.
Manba: Daryo