Shvarsenegger Santa Klaus rolida: «Qopli odam» filmi treyleri chiqdi
Amazon MGM Studios Rojdestvo mavzusidagi jangari komediya «Qopli odam»ning birinchi treylerini taqdim etdi. Filmda Arnold Shvarsenegger Santa Klaus obrazida chiqadi, premyera 2 dekabrda Prime Video platformasida boʻlib oʻtadi.
Syujetga koʻra, shoʻx elf sehrli qopni oʻgʻirlab ketadi va bayram xavf ostida qoladi. Qopni qaytarish uchun Santa Klaus oʻgʻri Vens yordamiga murojaat qiladi. Bu rolni «Jek Richer» serialidan tanilgan Alan Ritson ijro etadi.
Vens qizi, Santa Klaus va omadsiz jamoa bilan birga hayotidagi eng yirik oʻgʻirlikni amalga oshirishi kerak. Bu Shvarseneggerning 30 yildan soʻng Rojdestvo mavzusidagi filmga qaytishi: u 1996 yilda «Rojdestvo sovgʻasi» komediyasida bosh rolni ijro etgan.
Filmda Akvafina, Ken Jeong, Jeyn Krakovski, Layza Koshi, Kayl Muni va Maykl Siril Kreyton ham rol oʻynagan. Rejissyor — Adam Shankman, ssenariy muallifi — Allan Rays.
Manba: Daryo