Ilmsiz kosmetologlar tuzatib boʻlmas asoratlar qoldirmoqda
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodovning taʼkidlashicha, tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan kosmetologlarning notoʻgʻri operatsiyalari odamlar hayotiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shifokorning fikricha, ayrim kishilar plastik jarrohlikni biznes deb tushunmoqda, holbuki bu ilm boʻlib, uni malakali mutaxassislar bajarishi shart. Qonun-qoidalarga rioya qilinmagani sababli operatsiyalardan keyin asoratlar paydo boʻlmoqda.
Boymurodovning aytishicha, rivojlangan mamlakatlarda bu soha mutaxassislari 15–16 yil tayyorlanadi. Unga koʻplab ayollar murojaat qilar ekan, ayrimlari operatsiyani oila aʼzolaridan yashirib qildirib, asoratlar bilan yashamoqda. Ajrashgan, kasbini oʻzgartirgan va tushkunlikka tushgan kishilar soni ham koʻp.
Shifokor muammoning asosiy yechimi sifatli taʼlim va qonunchilik orqali tizimni tartibga solishda deb hisoblaydi. Oldinroq 2027 yildan tibbiyot talabalari haftasiga uch kun bemorlar bilan ishlashni oʻrganishi belgilangani, bitiruvchi kurs talabalari esa oxirgi oʻquv yilini tibbiyot muassasalarida toʻliq amaliyot oʻtashda oʻtkazishi aytilgan.
Manba: Daryo