Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Samarkand Marathon MDHʻda birinchi boʻlib Elite Label maqomini oldi

Samarkand Marathon xalqaro xayriya yugurish musobaqasi World Athletics Elite Label maqomiga ega boʻldi va MDH mamlakatlarida bunday darajadagi yagona musobaqaga aylandi. Marafonda 8 noyabrda toʻrt karra Olimpiada chempioni Mo Farah start oladi.

Bu maqom tadbirning jahon federatsiyasi standartlari asosida oʻtkazilishini tasdiqlovchi sifat belgisi hisoblanadi. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi maʼlumotiga koʻra, Samarqand marafoni MDH davlatlari orasida bunday darajaga ega boʻlgan yagona musobaqa boʻldi. Marafon boshlangʻich Label bosqichini chetlab oʻtib, toʻgʻridan-toʻgʻri Elite Label maqomini olgan.

Tashkilotchilarning xabar berishicha, 2026 yilgi marafonda 72 davlatdan ishtirokchilar roʻyxatdan oʻtgan. 42,2 kilometrlik masofaga World Athletics reytinglari boʻyicha natijalari tasdiqlangan professional sportchilar chiqadi. Organizatorlar infratuzilmani rivojlantirish, tibbiy va dopingga qarshi taʼminotni takomillashtirish ustida ishlamoqda.

Registon maydoni yaqinida 8 noyabrda boʻladigan poygada toʻrt karra Olimpiada chempioni, Buyuk Britaniya sporti tarixidagi eng muvaffaqiyatli uzoq masofa yuguruvchilaridan biri Mo Farah start oladi. U olti karra jahon va toʻqqiz karra Yevropa chempioni boʻlgan, 2023 yilda professional faoliyatini yakunlagan va hozir xalqaro brendlar elchisi sifatida sport va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilmoqda.

2022 yildan boshlab Samarkand Marathon natijalari muayyan talablarga rioya etilgan holda yosh toifalari boʻyicha jahon chempionatiga yoʻllanma beradigan musobaqalar qatoriga kiritilgan. Marafon AIMS aʼzosi boʻlib, uning trassalari World Athletics tomonidan sertifikatlangan.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid