Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Samarqandda kiberjinoyatlar soni 42 foizga oshdi

Samarqand viloyatida 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 42 foizga oshgan. Bank kartalari bilan bogʻliq jinoyatlar fuqarolarga 49,9 mlrd soʻm zarar yetkazgan.

Viloyat IIB boshliqi oʻrinbosari Komiljon Gʻafforovning viloyat Xalq deputatlari kengashi sessiyasida bildirishicha, kiberjinoyatlar soni 6 718 tani tashkil etgan, bu oʻtgan yilgidan 1 984 taga koʻp. Ularning 94 foizi, ya’ni 6 303 tasi fuqarolarning bank plastik kartalaridagi mablagʻlarini qoʻlga kiritish bilan bogʻliq. Shundan 2 711 ta holat kiberfiribgarlik, 3 592 tasi kiberoʻgirlik sifatida qayd etilgan.

Jinoyatchilar soxta havolalar yoki zararli dasturlar orqali bank kartasi yoki qurilma boshqaruvini qoʻlga kiritish (3 550 ta holat), ijtimoiy tarmoq va onlayn savdodagi aldovlar (1 478 ta), soxta treyding va onlayn birjalar orqali pul jalb qilish (575 ta), onlayn mikroqarz rasmiylashtirish (101 ta) hamda soxta qoʻngʻiroqlar orqali SMS-kodlarni qoʻlga kiritish (97 ta) usullaridan foydalangan.

Bank kartalari bilan bogʻliq jinoyatlar natijasida fuqarolarga jami 49 mlrd 887 mln soʻm zarar yetkazilgan. Shundan 18 mlrd 236 mln soʻm yoki 36 foizi undirilgan. Qolgan 31 mlrd 651 mln soʻm zararni qoplash choralari koʻrilmoqda.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid