Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Oʻzbekiston Bugun, 11:52 1 marta oʻqildi

Ekstremizm uchun javobgarlik qayta koʻrib chiqildi

Oʻzbekistonda «ekstremizm» tushunchasiga aniqlik kiritilib, bu boʻyicha javobgarlik qayta koʻrib chiqildi. Yangi normalar bilan birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazo joriy etildi.

Prezident 2 noyabrda ekstremizmga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Hujjat Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik kodekslariga hamda 2018 yilgi «Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonun va boshqa bir qator qonunlarga oʻzgartirish kiritadi. Qonun 28 aprelda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 8 avgustda Senat tomonidan maʼqullangan va rasmiy eʼlon qilingan kunidan kuchga kirgan.

Qonunda «ekstremizm» va «ekstremistik faoliyat» tushunchalari birlashtirilib, qaysi harakatlar ushbu toifaga kirishi aniq belgilandi. Shuningdek, bir qator qonunlardagi «diniy ekstremizm» atamasi «ekstremizm»ga qisqartirildi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi 184−5-modda kiritildi. Birinchi qoidabuzarlik uchun fuqarolarga 50 dan 100 gacha, mansabdor shaxslarga 100 dan 150 gacha bazaviy hisoblash miqdori (BHM) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq qoʻllanadi, ashyo esa musodara qilinadi. Maʼmuriy jazo qoʻllanganidan keyin takrorlangan qilmish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Adliya vazirligi yuritadigan ekstremistik tashkilotlar va materiallarning ochiq elektron reestri joriy etildi. Sud qarori asosida ekstremistik deb topilgan tashkilot yoki material 10 kun ichida reestrga kiritiladi va bu haqda 1 kun ichida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. Ekstremizmga oid jinoyat uchun aybdor deb topilganlarga esa sudlanganlik olinmaguncha psixologik yordam, maʼrifiy va jurnalistik faoliyat bilan shugʻullanish hamda OAV asoschisi boʻlish taqiqlanadi.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid