Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Oʻzbekiston Bugun, 13:02 1 marta oʻqildi

Samarqandda ShHT plyus xavfsizlik bo‘yicha ilk ekspertlar muloqoti

5–6-noyabr kunlari Samarqandda ShHT plyus doirasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha ilk ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tadi. Tadbirga Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Bahodir Qurbonov raislik qiladi.

Muloqot mavzusi raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik, jumladan, yangi texnologiyalarni hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalaridir. Uchrashuv doirasida ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektning zamonaviy tahdid hamda xavf-xatarlarga ta’siri muhokama qilinadi.

Ushbu format tashabbusi Shavkat Mirziyoyevga tegishli. U ilk bor 2024-yilda ShHT Ostona sammitida ilgari surilgan, 2025-yilda Tyanszinda bo‘lib o‘tgan a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida esa muloqotni Samarqandda o‘tkazish taklif etilgan.

Tadbirda ShHT a’zo davlatlari, kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha hamkorlar maxsus xizmatlarining rahbarlari hamda vakillari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi. Dunyoning 24 davlatidan 33 ta delegatsiya va 5 ta xalqaro tashkilot vakillari kelishi kutilmoqda.

Muzokaralar yakunida delegatsiya rahbarlari raqamli davrda xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi hamkorlikning aniq vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oladi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid