Buxoroga xorijlik sayyohlarni 7 millionga yetkazish vazifasi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hududda turizmni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Yig‘ilishda sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha oylik reja tuzish topshirildi.
Viloyatda turizm mavsumi 4 oydan 6 oyga uzaygani qayd etildi. Shu bilan birga, Buxoroda besh yulduzli mehmonxona yo‘qligi hamda yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Mas’ullarga xorijlik sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish bo‘yicha reja ishlab chiqish vazifasi berildi. Rejada qaysi davlatlardan sayyoh jalb qilinishi, qanday yangi turpaketlar taklif etilishi va tumanlarda qaysi obyektlar ishga tushirilishi ko‘rsatilishi kerak. Joriy yilda Buxoroga 3,5 million xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda.
Gulchorbog mahallasida 80 million dollarlik turizm markazi, Jalol Ikromiy mahallasida esa 60 million dollarlik kongress-xoll qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1 ming gektarda 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihalar sayyohlarning shaharda qolish muddatini o‘rtacha 4–5 kunga uzaytirishga xizmat qiladi.
Manba: Daryo