Buxoro aeroporti 2027-yil Mustaqillik kunigacha topshiriladi
Prezident Buxoroda yangi xalqaro aeroport va unga olib boruvchi BRT yo‘lagini 2027-yil Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirish vazifasini berdi. Loyihaning qiymati 300 mln dollar.
Aeroport bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyotga va 1 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Uni shahar markazi bilan bog‘lash uchun 24 kilometrli yangi avtomobil yo‘li quriladi, jamoat transportini yengillashtirish uchun esa 5,5 kilometrli alohida BRT yo‘lagi rejalashtirilgan.
Pegasus aviakompaniyasi Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yayotgani ma’lum qilindi. Kelgusi yilda Malayziya, Indoneziya, Kuvayt, Misr va Bahrayn bilan muntazam hamda charter reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Aeroport Qumsulton massivi hududida quriladi va davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Aeroport infratuzilmasi davlat qo‘lida qoladi, yo‘lovchi terminali va unga tegishli inshootlarni xususiy sherik quradi va ekspluatatsiya qiladi.
Manba: Gazeta.uz