Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Fransiya kompaniyalari Oʻzbekistonga qanday yechimlar taklif qilmoqda

Fransiya Tashqi ishlar vazirligining transport va barqaror shaharlar boʻyicha maxsus vakili Jerar Volf Oʻzbekistonga tashrifi davomida fransuz kompaniyalarining shaharlarni rivojlantirish boʻyicha takliflari haqida gapirdi. Takliflar tanlansa, kompaniyalar mamlakatdagi faoliyatini kengaytirishga tayyor.

Vakil tashrif davomida Prezident administratsiyasi, transport, energetika, iqtisodiyot va moliya, investitsiya, sanoat va savdo vazirliklari, Turizm qoʻmitasi hamda «Yangi Toshkent» direksiyasi bilan uchrashuvlar oʻtkazgani maʼlum qilindi.

Takliflar suv, energiya, transport va chiqindilarni boshqarish boʻyicha barqaror shaharlar yoʻnalishlariga, shuningdek sogʻliqni saqlashga tegishli. Barcha yechimlarda karbonli chiqindilarni kamaytirish, yaʼni dekarbonizatsiya asosiy maqsad sifatida koʻrsatilgan. Xususan, chiqindidan energiya olish, suv ta'minotida yopiq sikl iqtisodiyotini qoʻllash, data-markazlar serverlarining issiqligidan binolarni isitishda foydalanish va qurilish hamda transportni loyihalashda yordam beradigan raqamli egizaklar taklif etilmoqda.

Misol sifatida Parijdagi Olimpiya suv sport markazi keltirilgan: uning energiyaga boʻlgan ehtiyojining 90 foizga yaqini qayta tiklanuvchi manbalar va issiqlikni utilizatsiya qilish hisobiga qoplanadi. Kompaniyalar takliflariga uskunalardan amalda foydalanishni oʻrgatish ham kiradi. Oʻzbekiston tomoni avval qaysi yechimlardan foydalanishni tanlashi kerakligi taʼkidlangan.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid