Qozogʻiston Ispaniyadan ikkita harbiy-transport samolyoti sotib oldi
Qozogʻiston Ispaniyadan ikkita Airbus A400M Atlas harbiy-transport samolyotini xarid qildi. Samolyotlar mudofaa, favqulodda vaziyatlar va gumanitar yordam uchun moʻljallangan.
Mamlakat Mudofaa vazirligining xabar berishicha, birinchi samolyot 2024 yil oxirida, ikkinchisi esa 2026 yil noyabrida yetkazib berilgan.
Harbiy maqsadlardan tashqari, samolyotdan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda, aholini evakuatsiya qilishda va gumanitar yordam yetkazishda foydalanish mumkin. Vazirlikning taʼkidlashicha, u qozogʻistonlik harbiylarning xalqaro tinchlikparvar missiyalardagi ishtirokini taʼminlaydi.
Yangi samolyotlarni Ispaniyaning Sevilya shahridagi Airbus markazida maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan qozogʻistonlik ekipajlar boshqaradi. Hozirda bu turdagi samolyotlar dunyoning oʻnta davlati, jumladan Turkiya, Germaniya va Fransiya qurolli kuchlarida xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Harbiy havo kuchlari sentyabr oyida Braziliyaning Embraer kompaniyasi ishlab chiqargan C-390 Millennium samolyotini qabul qilgan. Shu bilan mamlakat ushbu modelning Markaziy Osiyodagi birinchi operatoriga aylangan.
Manba: Daryo