Farg'onada bir haftada is gazidan 12 kishi halok bo'ldi
Qo'qon shahrida bir oilaning 5 a'zosi is gazidan zaharlanib halok bo'ldi, bundan bir hafta oldin Farg'ona tumanida ham 7 kishi shunday halok bo'lgan edi. Viloyat FVB Vaillant isitish qozonlaridan voz kechishga chaqirdi.
1-noyabr kuni Qo'qon shahrining Charxiy mavzesidagi bir xonadonda beshta kishi is gazidan zaharlanib halok bo'ldi. Halok bo'lganlarning uchtasi 7, 3 va 1 yoshli qizlar.
Tekshiruv natijasida xonadonga Germaniyada ishlab chiqarilgan Vaillant rusumli ikki konturli isitish qozoni o'rnatilgani, uning dudburoni joyidan chiqib ketgani aniqlangan. Boshqarma ma'lumotiga ko'ra, bunday qozonlar Germaniyada ishlatilib, utilizatsiyaga topshirilgan, foydalanishga yaroqsiz eski uskuna bo'lgan. Ular ayrim tadbirkorlar tomonidan ehtiyot qismlari sifatida noqonuniy olib kirilib, yangidek qilib qayta jihozlangan va aldov yo'li bilan sotilgan.
Shuningdek, haqiqiy dudburonsiz olib kelingan qozonlar o'rniga yuqori harorat ta'sirida mustahkamligini yo'qotadigan polietilen quvurlar o'rnatilgan.
Farg'ona viloyati FVB aholini xonadoniga Vaillant qozonini o'rnatgan bo'lsa, darhol undan voz kechishga chaqirdi. Boshqa turdagi isitish vositalarini ham sifat sertifikati, foydalanish yo'riqnomasi va yaroqliligi tekshirilgan holda, mutaxassis ishtirokida o'rnatish tavsiya etilgan. Shu oyning 25-oktabr kuni Farg'ona tumanining Chimyon qishlog'ida ham bir oilaning 7 a'zosi is gazidan halok bo'lgan edi.
Manba: Kun.uz