Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Jamiyat Bugun, 12:17 1 marta oʻqildi

Xitoyda 538 million yillik qadimiy jonzot qoldigʻi topildi

Xitoy olimlari taxminan 538 million yil oldin yashagan, ogʻzi atrofida tikanlari boʻlgan mitti jonzot qoldiqlarini oʻrganib, uni yangi tur sifatida tasvirladi. Qoldiqlar hayvon tanasini oʻrab turgan qoplamaning nozik tuzilishini ham saqlab qolgan.

Pekin universiteti paleontologlari Xitoyning kremniyga boy toshlaridan topilgan qoldiqlarni tahlil qilib, yangi turga Spinosoma reticulatus nomini berishdi. Tadqiqot natijalari Communications Biology jurnalida chop etildi.

Eng yaxshi saqlangan namunaning uzunligi taxminan 1,5 millimetr. Tanasining orqa qismi yoʻqolgan, shuning uchun jonzot tirikligida undan uzunroq boʻlgan. Olimlar qoplamaning alohida boʻlaklarini ham oʻrganib, uning tuzilishini mikroskop va Raman spektroskopiyasi yordamida solishtirishdi.

Bunday topilmalar qadimgi hayvonlarning, jumladan, hozirgi boʻgʻimoyoqlilar va yumaloq chuvalchanglar kabi guruhlarning kelib chiqishini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu guruhlarning umumiy xususiyati shundaki, ular oʻsish davrida tashqi qoplamasini tashlab, yangilab turadi. Olimlar qoldiqlarning biologik xususiyatlarini ularning koʻmilishi va toshlarning qizishidan kelib chiqqan oʻzgarishlardan ajratishga muvaffaq boʻlishgan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid