Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Toshkent metrosi o‘n yilda: 21 ta yangi bekat, 71 km yo‘l

Toshkent metropoliteni 2016-yildan beri 21 ta yangi bekat va 33 kilometr yo‘l bilan kengaydi. 2024-yilda u 270,3 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi.

Hozir metroda 50 ta bekat va 71 kilometr tarmoq mavjud, 2016-yilda esa bu ko‘rsatkichlar 29 ta bekat va 38 kilometr edi. Shu bilan birga, yo‘lovchilar soni 2023-yildagi 172 milliondan 2024-yilda 270,3 millionga oshgan, bu qariyb 57 foizlik o‘sish demakdir.

Tarkibdagi 91 ta poyezddan 55 tasi yangi zamonaviy modellar. Tig‘iz soatlarda harakat intervali ayrim yo‘nalishlarda sezilarli qisqardi: Chilonzor yo‘nalishida 5 daqiqadan 1,5–2 daqiqagacha, O‘zbekiston yo‘nalishida 6 daqiqadan 3 daqiqagacha, Yunusobod yo‘nalishida esa 11 daqiqadan 4 daqiqagacha.

Yo‘lovchilar qulayligi ham yaxshilandi: bir qator bekatlarda eskalatorlar yangilandi, ona va bola xonalari ochildi, tunnellarda Mobiuz va Ucell abonentlari uchun mobil aloqa ishga tushirildi, bekatlarda Wi-Fi joriy etildi, raqamli to‘lov usullari paydo bo‘ldi. Shuningdek, energiya tejash maqsadida quyosh panellari o‘rnatilgan.

Amaldagi reja bo‘yicha 2030-yilga borib bekatlar soni 79 taga, tarmoq uzunligi 103 kilometrga yetkazilishi va kunlik yo‘lovchilar oqimi 1,8 million kishiga chiqishi kutilmoqda.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid