Loy vannasidan zavqlangan fil surati fototanlovda g‘olib bo‘ldi
Britaniya va Irlandiyadagi hayvonot bog‘lari va akvariumlar assotsiatsiyasi (BIAZA) tashkil etgan fototanlovda loy vannasidan zavqlanayotgan Afrika fili surati «Sutemizuvchilar» yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.
Tanlovga 800 dan ortiq ish taqdim etildi. Hakamlar ularni ko‘rib chiqib, yetti yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar va sovrindorlarni aniqladi. Qatnashchi suratlar Britaniya va Irlandiyadagi hayvonot bog‘lari hamda akvariumlarda, shuningdek, hayvonlarning tabiiy muhitida olingan.
G‘olib kadrning muallifi fotograf Tomas Xarris bo‘lib, u yomg‘irli kunlardan birida urg‘ochi fil Opalni loy vannasida suratga olgan. Fil holatini aks ettirgan bu kadr muallifga o‘z yo‘nalishida g‘alaba keltirdi.
Kolchester zoologiya jamiyati qaramog‘ida to‘rtta Afrika fili bor. Tashkilot ularni parvarish qilish bilan birga, Zambiyada yetim qolgan fil bolalariga yordam dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda fillar uchun vaksinalar yaratishga doir tadqiqotlarga ko‘maklashadi.
Manba: Kun.uz