Qirgʻizistonda uylarni kotlovan bosqichida sotish taqiqlandi
Qirgʻizistonda qurilishning «nolinchi sikli» yakunlanguncha uy va noturar joylarni sotish hamda ularni reklama qilish taqiqlandi. Talablarni buzgan quruvchilar javobgarlikka tortiladi.
Tegishli buyruqni Qurilish, arxitektura va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Nurdan Orantayev imzolagan. Xabarni «24.kg» nashri tarqatdi.
«Nolinchi sikl» poydevor qurish va yer ostidagi barcha qurilish ishlarini yakunlashni oʻz ichiga oladi. Shu bosqich tugagunga qadar qurilish kompaniyalariga qurilayotgan binolardagi uy va noturar joylarni sotish, shuningdek, aholi va yuridik shaxslar mablagʻlarini jalb qiluvchi ulushli ishtirok shartnomalari, dastlabki shartnomalar va boshqa fuqarolik-huquqiy bitimlarni tuzish man etiladi.
Davlat arxitektura-qurilish nazorati talablar buzilishi holatlarini aniqlaydi va oʻz vakolati doirasida qoidabuzarlarga nisbatan choralar koʻradi. Vazirlik kompaniya rahbarlari bilan tushuntirish ishlarini olib bormoqda va ularni talablarga rioya qilmaslik uchun javobgarlik borligi haqida ogohlantirgan.
Vazirlikning taʼkidlashicha, buyruq uy-joy xaridorlarining mablagʻi va huquqlarini himoya qilish hamda qurilishi hali boshlangʻich bosqichda boʻlgan obyektlarga mablagʻ tikish bilan bogʻliq xavflarni kamaytirishga qaratilgan.
Manba: Daryo