Markaziy bank 2026 yil inflyatsiya prognozini 7 foizgacha oshirdi
Oʻzbekiston Markaziy banki 2026 yil yakuni boʻyicha inflyatsiya prognozini 6,5 foizdan 7 foizgacha oshirdi. Bunga isitish va issiq suv tariflarining oshirilishi sabab boʻldi.
Bu haqda 4-noyabrda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samigʻjon Inogʻamov maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, isitish va issiq suv tariflari dastlabki 6,5 foizlik prognozda ham hisobga olingan edi, ammo eʼlon qilingan oshirish oldingi hisob-kitoblardan yuqoriroq boʻlgani uchun prognoz qayta koʻrib chiqildi.
Markaziy bank raisining oʻrinbosari Nodirbek Achilov tariflarning bevosita taʼsiri asosan bir martalik va qisqa muddatli boʻladi, deb baholayotganini aytdi. Shu sababli 4-noyabrdagi yigʻilishda bosh stavkani oshirish masalasi muhokama qilinmagan. Yigʻilishda ikki variant koʻrib chiqilgan: stavkani 14 foizda saqlab qolish yoki 13,5 foizgacha tushirish.
Achilovning soʻzlariga koʻra, regulyator narxlarning boshqa tovar va xizmatlarga tarqalish xavfini ham hisobga olgan. Shuning uchun qat'iy pul-kredit siyosatini davom ettirish maqsadga muvofiq deb topilgan. Hukumat aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini ham nazarda tutgan.
Oktyabrda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi markazlashgan isitish va issiq suv taʼminoti tariflarini oshirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻygan edi. Toshkentda Veolia Energy Tashkent istemolchilari uchun isitish narxini taxminan 30 foizga oshirish taklif qilingan. Loyihada yangi tariflarni 1-noyabrdan joriy etish nazarda tutilgan, ammo ular hali tasdiqlanmagan.
Manba: Gazeta.uz