10 oyda 900 mlrd soʻmlik gaz va elektr noqonuniy ishlatilgan
“Oʻzenergoinspeksiya” maʼlumotiga koʻra, 2026 yilning 10 oyida tabiiy gaz va elektr energiyasidan qonunga xilof foydalanish natijasida davlatga 900 mlrd soʻmlik zarar yetkazilgan. Zararning qariyb 250 mlrd soʻmi hozircha undirilgan.
Inspeksiya boshligʻi Ahadjon Isoqjonov 4-noyabrda Toshkentda oʻtkazilgan matbuot anjumanida bu haqda maʼlum qildi. Unga koʻra, shu davrda 144 mln kub metr gaz (441,2 mlrd soʻm) va 243,1 mln kilovatt-soat elektr energiyasi (459,1 mlrd soʻm) noqonuniy sarflangan.
Noqonuniy foydalanish holatlarining katta qismi xususiy sektorga toʻgʻri kelmoqda. Ayniqsa, issiqxonalar, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari va trikotaj fabrikalari koʻp qonunbuzarlik qilgan. Yil boshidan beri gazni oʻgʻirlab ishlatgani uchun 24 ta metan zapravkaga nisbatan choralar koʻrilgan.
Shuningdek, neft mahsulotlari sifati ustidan nazorat davom etayotgani aytildi. Tekshiruvlarda 330 ta holatda 7 823 tonna sifatsiz neft mahsuloti aniqlangan, ulardan 240 tasi benzinga tegishli boʻlgan. Bundan tashqari, 283 ta tadbirkorlik subyektiga ortiqcha hisoblangan elektr va gaz uchun qayta hisob-kitob qilingan.
Manba: Daryo