Ommaviy baho nimaga ta'sir qiladi: rasmiylar va baholovchilar bahsi
Toshkentdagi koʻchmas mulklarni ommaviy baholash natijalari uy sotishda, kompensatsiya olishda va soliq toʻlashda qanday qoʻllanishi muhokama qilindi. Rasmiylar bu qiymat oldi-sotdi narxini cheklamasligini, mustaqil baholovchilar esa qoʻllash chegaralarini qonun loyihasida aniq belgilashni talab qilmoqda.
Kun.uz tashabbusi bilan oʻtkazilgan debatda Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktor oʻrinbosari Feruz Sultonov, markaz boshqarma boshligʻi Botir Karimov, Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati raisi Zebuniso Isanova va jamiyat boshqaruv kengashi aʼzosi Shuhrat Abduvahobov ishtirok etdi. Ular ommaviy baholash natijalarining huquqiy maqomi, «bozor narxiga yaqin qiymat» tushunchasi va eʼtiroz berish imkoniyatini muhokama qilishdi.
Sultonovning aytishicha, ommaviy baholash natijalari jamoat ehtiyojlari uchun yer olinganda kompensatsiyani toʻgʻridan-toʻgʻri belgilamaydi, balki dastlabki hisob-kitob uchun axborot manbai boʻlishi mumkin. Agar tomonlardan biri natijaga rozi boʻlmasa, mustaqil baholovchi jalb qilinishi mumkin. Abduvahobov esa tomonlar kelishuvi yetarli emasligini, qonunda nazarda tutilgan alohida yoʻqotishlar, jumladan koʻp yillik daraxtlar, boy berilgan foyda va koʻchish xarajatlari ommaviy baholashda toʻliq qamrab olinmasligini taʼkidladi.
Oldi-sotdi masalasida Sultonov ommaviy baho mulkdor va xaridor uchun majburiy narx emasligini bildirdi: «Bu oldi-sotdida heç qanaqa çeklovni belgilamaydi. Majburiy norma emas». Abduvahobov esa qonun loyihasining 11- va 12-moddalarida «tavsiyaviy» xususiyat hamda koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlar tushunchalarini aniqroq belgilashni taklif qildi.
Soliq yuki boʻyicha markaz vakili tizimning maqsadlaridan biri soliq yukini adolatli taqsimlash ekanini aytdi, biroq soliqqa tatbiq etish tartibi va stavkalari markaz vakolatiga kirmasligini taʼkidladi. Isanova esa har qanday baholash aniq maqsadga yoʻnaltirilishi zarurligini qayd etdi.
Manba: Kun.uz