Oʻzbekistonda 5 mln tonnadan ortiq paxta yigʻildi: rekord natija
2026-yilda respublikada 5 million tonnadan ortiq paxta yigʻib olindi. Bu koʻrsatkich mustaqillik yillarida qayd etilgan eng yuqori natija boʻldi.
Oʻtgan yilgi hosilga nisbatan paxta 1 million tonnaga koʻp terib olindi, gektaridan oʻrtacha hosildorlik 56,2 sentnerga yetdi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bu natijaga erishishda hal qiluvchi boʻlgan 8 ta omilni alohida koʻrsatib oʻtdi.
Ekish sxemasi qayta koʻrib chiqildi: 90 va 60 santimetrli sxemalardan voz kechilib, asosan 76 santimetrli qoʻshqator va yakkaqator usullarga oʻtildi. Gektaridagi koʻchatlar soni 80–110 mingdan 220–240 ming donagacha oshirildi. Hosilni yigʻishda 2,8 ming ta paxta terish mashinasi jalb etilib, muddat ikki oydan bir oyga qisqardi.
Hudud boʻyicha ekishning 68 foizi kasallik va zararkunandalarga chidamli xorijiy navlarga, 32 foizi esa tez pishar mahalliy navlarga toʻgʻri keldi. «Shinjon» usulida 305,2 ming gektarga ekin ekildi. Fermerlarga 2026-yil hosili uchun 12 trln soʻm imtiyozli kredit ajratildi, birja orqali sotilgan har bir tonna xomashyo uchun subsidiya berildi.
Manba: Kun.uz