Yandex Go 10 noyabrdan Market vitrinasini yopadi
Yandex Go uzoq muddatda yetkazib beriladigan tovarlar uchun Market vitrinasi faoliyatini 10 noyabrdan to‘xtatadi. Kompaniya tezkor yetkazib berish yo‘nalishlarini, jumladan «Do‘konlar» va Lavka xizmatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.
Market vitrinasi orqali 10 noyabrgacha buyurtma berish mumkin bo‘ladi. Bu sanagacha rasmiylashtirilgan buyurtmalar qayta ishlanib, qabul qiluvchilarga yetkazib beriladi.
Yandex Go ilovasida oziq-ovqat, elektronika, kosmetika, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa toifadagi mahsulotlarga 15 daqiqadan boshlab yetkazib berish sharti bilan buyurtma berish imkoniyati saqlanib qoladi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida «Do‘konlar» xizmati hamkorlari soni deyarli ikki baravarga oshib, 500 taga yetgan. Lavka tarmog‘ida 10 ta darkstor bor, shaxsiy savdo belgisidagi mahsulotlar turlari esa 100 dan oshgan. 2026 yilda «Do‘konlar» va Lavkadagi buyurtmalar soni 2025 yilga nisbatan uch baravar ko‘paygan.
Tezkor yetkazib berishga qiziqqan Market hamkorlariga «Do‘konlar» yoki Lavka bilan hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etilgan.
Manba: Gazeta.uz