United Airlines O‘zbekistonga parvozlarni o‘rganmoqda
AQShning United Airlines aviakompaniyasi O‘zbekiston va Qozog‘istonga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Skott Kirbi ma’lum qildi.
Kirbining so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning yangi yo‘nalishlarni rejalashtirish bo‘yicha rahbari Patrik Kuayl 2026-yilda O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurib, bozor imkoniyatlarini o‘rgangan.
Hozircha parvozlar boshlanmagan, chunki Rossiya havo hududidan foydalanishdagi cheklovlar bunga to‘sqinlik qilmoqda. Shu bilan birga, Kirbi kelajakda bu yo‘nalishlar ishga tushishi mumkinligini inkor etmadi: “Bu kelajakda ish berishi mumkin”.
Shahar, aeroport, samolyot turi va parvozlar boshlanish sanasi hali e’lon qilinmagan. Nashr muallifining taxminicha, reyslar Nyu-Yorkdagi Nyuark aeroportidan amalga oshirilishi mumkin. Hozircha O‘zbekiston Havo Yo‘llari Toshkent va Nyu-York o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bajarmoqda.
Shu bilan birga, Turkiyaning Pegasus Airlines kompaniyasi Istanbuldan Buxoro, Andijon va Termizga muntazam reyslar ochish bo‘yicha kelishuvga erishgan, Qarshi va Nukus yo‘nalishlari ham muhokama qilinmoqda. Rejaga ko‘ra, Buxoro yo‘nalishida reyslar 14-dekabrdan, Andijon yo‘nalishida 18-dekabrdan, Termizga esa 2027-yil 1-martdan boshlanishi kutilmoqda.
Manba: Daryo