Ko‘p uxlash ham zararli bo‘lishi mumkinmi? Tadqiqot natijalari
Olimlar haddan ortiq uzoq uyquning ham salomatlikka xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Biroq bu bog‘liqlikning sabab-oqibat munosabati ekani hali isbotlanmagan.
Bir qator yirik tahlillarga ko‘ra, kuniga 9 soatdan ko‘p uxlaydiganlarda o‘lim ko‘rsatkichi 8 soat uxlaydiganlarga nisbatan o‘rtacha 34 foizga yuqori. 2018-yilda e’lon qilingan boshqa tahlilda ham uzoq uyqu o‘lim xavfining taxminan 14 foizga oshishi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.
Shu bilan birga, mutaxassislar bu natijalarda sabab va oqibat o‘rtasidagi aloqa isbotlanmaganini ta’kidlaydi. Ko‘p uxlash ko‘pincha surunkali kasallik, og‘riq, depressiya yoki dorilarning yon ta’siri belgisi bo‘lishi mumkin.
Katta yoshdagilar uchun eng maqbul uyqu davomiyligi kuniga 7–9 soat hisoblanadi, o‘smirlarga esa taxminan 10 soat kerak. Keksalikda uyqu me’yori o‘zgarmaydi, bu yoshda uyqu sifati davomiyligidan muhimroq.
Agar kam uxlab, uyg‘onganda o‘zingizni dam olmagandek his qilsangiz, kun tartibini o‘zgartirish kerak. Muntazam ko‘p uxlasangiz-u, charchoq ketmasa, shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.
Manba: Daryo