Termizda avtofiribgarlar sudlandi: 700 dan ortiq kishi zarar koʻrdi
Termiz shahridagi “Surkhan autocenter” MCHJ rahbarlari turli muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Tergov maʼlumotiga koʻra, kompaniya ortida 700 dan ortiq kishidan 35 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ oʻzlashtirilgan firibgarlik tarmogʻi faoliyat yuritgan.
Termiz shahar sudi 2026-yil 1-iyuldagi hukmi bilan 5 nafar sudlanuvchini firibgarlik, soliq va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash hamda boshqa jinoyatlarda aybli deb topdi. Ulardan biriga 9,5 yil, yana biriga 5 yil, uch nafariga esa 6 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tergov maʼlumotiga koʻra, Akmal Toʻrayev 2022-yilda avtomobil oldi-sotdisi bilan shugʻullana boshlagan, 2024-yil boshida esa faoliyatini rasmiylashtirish maqsadida “Surkhan autocenter” MCHJni tashkil etgan. Shartnomasiz yangi mashina va’dasi bilan odamlardan pul yigʻilgan, biroq mablagʻlar mijozlar uchun emas, shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan. Muddat tugab, aldangan kishilar norozilik bildirgach, ayrim mijozlarga qimmatroq narxda mashina olib berilib, bu jarayon videoga olingan va hammaga mashinalar berilayotgandek koʻrsatilgan.
Jinoyat ishi boʻyicha zararni qoplash uchun viloyat IIB depozit hisobiga tushgan 155 mln 979 ming soʻm 462 nafar jabrlanuvchiga 337 ming soʻmdan berilishi belgilangan. Shuningdek, sudlanuvchilardan yuzlab jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan zararni undirish nazarda tutilgan.
Manba: Kun.uz