Qozogʻistonda harbiy mashgʻulotlardagi qoidabuzarliklar aniqlandi
Qozogʻistonda sentyabr oyida Mangʻistov viloyatida 14 nafar harbiy halok boʻlgan mashgʻulotlar yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruvda nazorat va xavfsizlik choralarida kamchiliklar aniqlandi.
Bosh vazir Oljas Bektenovning deputat soʻroviga bergan javobida xavfli omillarga yetarli e'tibor berilmagani, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatilmagani hamda mashgʻulotlarning xavfli bosqichlarini oʻz vaqtida toʻxtatish boʻyicha qarorlar qabul qilinmagani qayd etildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, ob-havo keskin yomonlashib, kuchli shamol koʻtarilgani sababli mashq bajarayotgan harbiylar guruhi dengizga oqib ketgan. Hozirda armiyada mashgʻulotlarni havodan kuzatish uchun dronlar, ayrim boʻlinmalarda esa harbiylarning joylashuvi va salomatligini nazorat qiluvchi qurilmalar qoʻllanilmoqda. Shuningdek, ob-havo boʻyicha muntazam maʼlumot olish uchun Kazgidromet bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Fojiadan soʻng Mudofaa vazirligi rahbariyati almashtirildi va jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ish doirasida Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq bosh qoʻmondoni, uning sobiq oʻrinbosari — shtab boshligʻi hamda bir qancha mansabdor shaxslar hibsga olindi.
Shu bilan birga, hukumat qurolli kuchlarda islohot oʻtkazilishini eʼlon qildi. Unga koʻra, muddatli harbiy xizmat ikki bosqichli tizimga oʻtkaziladi, mashqlar uchun esa maxsus simulyatorlar joriy etilishi rejalashtirilgan.
Manba: Daryo