Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Tinch okeanida qayiqda uch oy suzgan 5 kishi tirik topildi

Iyul oxirida Mikroneziyadan yoʻlga chiqqan qayiqdagi bedarak yoʻqolgan 9 kishidan beshtasi uch oydan soʻng Kiribati qirgʻoqlari yaqinida tirik topildi. Qayiq oqim bilan taxminan 5,5 ming kilometr uzoqlikka olib ketilgan.

Iyul oxirida toʻqqiz kishi Mikroneziyadagi Murilo orolidan qoʻshni Ruo oroliga qayiqda yoʻlga chiqdi. Yoʻl taxminan bir soat davom etishi kerak edi, ammo qayiqni boʻron urib, ochiq dengizga olib ketdi. Qidiruv ishlari 9-avgustgacha davom etdi, lekin natija bermadi.

1-noyabr kuni qayiqni Kiribati tarkibiga kiruvchi Fanning oroli aholisi payqab qoldi. Qutqarilganlar orasida ikki bola ham bor. Ularga mahalliy cherkov pastori boshpana berdi, soʻng tibbiy yordam koʻrsatildi. Kiribatilik deputat ularni imkon qadar tezroq Kiritimatiga olib borishni tavsiya qildi.

Qolgan toʻrt kishining taqdiri hali noma'lum. Mikroneziyalik siyosatchi Aleksandr Narrun qutqaruvchilarga minnatdorchilik bildirdi va Mikroneziya prezidentidan omon qolganlarni vataniga qaytarish boʻyicha Kiribati hukumati bilan muzokaralarni boshlashni soʻradi. Qutqarilganlar esa qanday omon qolganini hali aytib bermagan va shaxsiy hayotini hurmat qilishni soʻragan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid