Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Rossiya qiynoqlarga qarshi Yevropa konvensiyasidan chiqadi

Yevropa kengashi ma’lum qilishicha, Rossiya 2026-yil 1-noyabrdan Qiynoqlarning oldini olish toʻgʻrisidagi Yevropa konvensiyasidan rasman chiqadi. Shundan keyin Yevropa qoʻmitasi mamlakatdagi qamoqxonalarni tekshirish vakolatidan mahrum boʻladi.

Rossiya chiqish niyatini 2025-yil 30-oktabrda kengashga rasman ma’lum qilgan. Konvensiyaning 22-moddasiga koʻra, qaror bir yildan keyin kuchga kiradi.

Kengashning ta’kidlashicha, qoʻmitaning Rossiyadagi qamoqxona, koloniya va boshqa saqlash joylarini tekshirish amaliyoti aslida Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlangan paytdan toʻxtab qolgan. Rossiya hukumati xalqaro inspektorlarni ham qabul qilmagan.

Rossiya 1998-yilda konvensiyaga qoʻshilgan. Shu vaqt ichida qoʻmita vakillari mamlakatga 30 marta kelib, 450 dan ortiq joyni tekshirgan, ammo hisobotlardan faqat toʻrttasi e’lon qilinishiga ruxsat berilgan. Qoʻmita raisi Alan Mitchell bunday mustaqil nazorat mahbuslarni qiynoqdan himoya qilishning muhim vositasi ekanini qayd etgan.

Rossiya hukumati qarorni Yevropa kengashining kamsituvchi munosabati bilan izohlagan. Moskva kengash Rossiya vakilining qoʻmita aʼzoligiga saylanishiga toʻsqinlik qilganini ham bildirgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid