Rossiya zarbalaridan soʻng Kiyevda suv taʼminoti toʻxtadi
Ukraina energetikasiga qaratilgan keng miqyosli hujumlardan soʻng 3-noyabr kuni Kiyevda suv taʼminoti toʻxtadi. Poytaxtda va Kiyev viloyatida elektr energiyasi favqulodda tartibda oʻchirila boshlandi.
Shaharda tramvay va trolleybuslar harakati ham toʻxtatildi, ularning ayrim yoʻnalishlarida qoʻshimcha avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Metro odatdagi tartibda ishlamoqda, biroq uning keyingi faoliyati ham energetika tizimidagi vaziyatga bogʻliq ekani bildirilgan.
«Ukrenergo» bu hujumni Ukraina energetikasiga qarshi eng yirik hujumlardan biri deb baholadi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, Rossiya bir sutka ichida energetika obʼyektlariga 20 martadan ortiq nishonli zarba bergan.
Kiyev meri Vitaliy Klichko vaziyat juda murakkabligini ta'kidladi. Eng og'ir ahvoldagi tumanlarda aholi isinishi hamda telefon va boshqa qurilmalarni quvvatlashi uchun maxsus punktlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, Sumi va Poltava viloyatlarida ham avariyaviy elektr uzilishlari joriy etilgan.
Manba: Kun.uz