Yevropada bir kunda 7 ta samolyotga soxta bomba tahdidi kelib tushdi
3-noyabr kuni Yevropada kamida yettita yoʻlovchi samolyotida portlovchi qurilma borligi haqida xabarlar tarqaldi. Tekshiruvlar barcha xabarlar yolgʻon ekanini koʻrsatdi, bir holatda Varshava aeroporti vaqtincha yopildi.
Reuters agentligiga tayanib DW xabar berishicha, tahdid qilingan samolyotlarning hammasi Yevropa shaharlari orasidagi reyslarda uchgan. Ularning toʻrttasi Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasiga tegishli edi.
Ikki samolyot Varshavaga, ikkitasi Sofiyaga, ikkitasi Rimga, bittasi esa Ispaniyaning Mursiya shahriga yoʻl olgan edi. Londondan Varshavaga uchgan Polshaning LOT aviakompaniyasi samolyoti Shopen nomidagi asosiy aeroport oʻrniga Varshava-Modlin aeroportiga yoʻnaltirildi, tekshiruv davomida esa Shopen aeroporti vaqtincha yopildi.
Kopengagendan kelgan Scandinavian Airlines (SAS) samolyoti Shopen aeroportiga qoʻndi, biroq bort tekshiruvida xavfli buyum topilmadi. Bundan bir kun oldin, 2-noyabrda Londondan Sofiyaga uchgan Wizz Air samolyoti ham bomba tahdidi sababli Budapeshtga favqulodda qoʻndi, lekin portlovchi modda izlari aniqlanmadi.
Aviatsiya xavflarini tahlil qiluvchi Osprey Flight Solutions kompaniyasi rahbari Ris Jons bunday xabarlarning asosiy maqsadi umuman aviaqatnovlarni izdan chiqarish ekanini taxmin qildi. Soxta xabarlar ortida kimlar turgani hozircha noma'lum.
Manba: Kun.uz