Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizda saqlab qoldi
Markaziy bank boshqaruvi 4 noyabrdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgartirmasdan qoldirdi. Qaror ichki talabning yuqoriligi va tashqi xatarlar hisobga olingan holda qabul qilindi.
Bank maʼlumotiga koʻra, sentyabrda umumiy inflyatsiya yillik 6,4 foizga yetib, avgustga nisbatan biroz tezlashgan. Asosan meva-sabzavot, yoqilgʻi va ayrim xizmatlar narxlari oshgan, xizmatlar inflyatsiyasi esa 7 foizgacha koʻtarilgan. Bazaviy inflyatsiya 5,5 foizda qolgan.
Aholi va tadbirkorlarning kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etmoqda: mos ravishda 8,7 va 9,2 foiz. Jahon bozorlaridagi oziq-ovqat va energiya narxlaridagi xatarlar esa ichki narxlarga taʼsir qilib, inflyatsiyaning pasayishini sekinlashtirishi mumkin.
Yanvar–sentyabr oylarida iqtisodiy oʻsish 8,3 foizni tashkil etgan. Yil yakuniga oʻsish prognozi 8 foiz atrofida, umumiy inflyatsiya prognozi esa 7 foiz atrofida qayta koʻrib chiqilgan. Umumiy inflyatsiyaning 2027 yil oxirigacha 5 foizlik targetga tushishi prognoz qilinmoqda.
Manba: Daryo