Bokiralikni tiklash uchun javobgarlik: xabarlar yolg‘on deb topildi
Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, bokiralikni tiklaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi haqidagi xabarlarni asossiz va yolg‘on deb topdi. Palataning ta’kidlashicha, bunday qonun loyihasi mavjud emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda “bokiralik kapsulasi”ni sotish va unga buyurtma berish, shuningdek, bokiralikni jarrohlik yo‘li bilan tiklagan fuqaro va shifokorlarga jinoiy javobgarlik belgilangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unda bunday xabar bergan shaxslarga davlat moliyaviy rag‘bat berishi ham aytilgan.
Tarqalgan ma’lumotlarda soxta hujjat bergan shifokorlarga 20 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkinligi va so‘nggi 5 yilda 187 mingdan ortiq qizning bokira bo‘lmagani aniqlangani ham ko‘rsatilgan edi.
Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining rasmiy xabarida bu ma’lumotlar asossiz ekani, Oliy Majlisda bunday qonun loyihasi mavjud emasligi, kiritilmagani va muhokama qilinmayotgani qayd etildi. Palata fuqarolarni tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka va ulashishdan oldin rasmiy manbalar orqali ularning haqqoniyligini tekshirishga chaqirdi.
Manba: Daryo