Togʻoldi va togʻli hududlarda 4–5-noyabrda sel xavfi
Oʻzgidromet 4–5-noyabr kunlari yogʻin kutilayotgani sababli respublikaning togʻoldi va togʻli hududlarida sel va suv toshqini xavfi borligini ogohlantirdi.
Ogohlantirishga koʻra, togʻoldi va togʻli hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar hamda togʻli yoʻllarda harakatlanuvchi haydovchilar ehtiyotkorlik choralarini koʻrishlari soʻralmoqda. Respublika boʻyicha yomgʻir suvlarining toʻplanishi ehtimoli bor, bu esa ayrim hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Oldinroq, 4-noyabrda ham Oʻzgidromet yomgʻir yogʻishi ehtimoli bor hududlarni eʼlon qilgan edi. Bu kuni bir qator hududlarda yomgʻir yogʻadi, 5-noyabrda esa markaziy va sharqiy hududlarda faqat kechasi va ertalab ayrim joylarda yomgʻir saqlanib qoladi.
6-noyabrda yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy hududlarida yomgʻir yogʻishi mumkin.
Manba: Daryo