Toshkentda odam oʻgʻirlash rejasi: ikki gumonlanuvchi ushlandi
Toshkent shahrida odam oʻgʻirlashda gumon qilingan ikki kishi ushlandi. Ulardan biri jabrlanuvchini mashinaga majburan oʻtkazmoqchi boʻlgan, biroq u qarshilik koʻrsatib qutulib qolgan.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti arizaga asoslanib tadbir oʻtkazdi va ikki kishini ushladi. Ikkalasi 1998 va 2003 yillarda Toshkentda tugʻilgan hamda ilgari oʻgʻirlik uchun sudlangan. Ularning mashinasi yukxonasidan oʻtkir tigʻli bolta topilgan.
Ariza beruvchi noma'lum shaxslar uni mashinaga majburan oʻtkazganini, qattiq qarshilik koʻrsatgani tufayli qutulib qolganini bayon qilgan. Tergovda gumonlanuvchilar ayblovni tan olgan. Ularning telefonlarida buyurtmachi bilan Telegram orqali yozishmalar aniqlangan.
Yozishmalarda gumonlanuvchilarning yana bir fuqaroni majburan olib kelish niyati ham qayd etilgan, zarur boʻlsa uni elektroshoker bilan harakatsiz holatga keltirish rejalashtirilgan. Ular ikkinchi fuqaroni ish joyi oldida qariyb toʻrt soat kutgan, biroq u xizmat safarida ekani maʼlum boʻlgach, rejani boshqa kunga qoldirgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Manba: Kun.uz