Amerikalik nafaqaxoʻr kinoteatrda bir yilda rekord oʻrnatdi
Pensilvaniyalik nafaqaxoʻr Glenvud Xoskin 12 oy ichida kinoteatrga 1207 marta tashrif buyurib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi.
Xoskin 2024-yil aprelidan 2025-yil apreligacha York Heyven shahridagi kinoteatrda film tomosha qildi. Oʻrtacha hisobda kuniga 3,3 ta film koʻrgan. Oldingi rekord amerikalik Zakariya Svoupga tegishli boʻlib, u bir yilda 777 ta film koʻrgan edi.
Sobiq soliq xizmati xodimi hozir 60 yoshda. Rekordga erishish uchun u oyiga 28 dollarlik abonement sotib olgan, bu cheksiz kinoni tomosha qilish imkonini bergan. Ovqatni uyda tayyorlab olib kelgan, seanslar orasida kinoteatr atrofida yurib, jismoniy mashqlar bilan shugʻullangan.
Kinoteatr xodimlari bilan yaqinlashgan Xoskin filmlarning davomiyligini aniqlashda ularning yordamidan foydalangan. Uning soʻzlariga koʻra, eng kutilmagan yoqqan filmlaridan biri «Yovvoyi robot» boʻlgan, ammo u eng koʻp multfilm va komediyalarni tomosha qilishni yoqtirgan.
Manba: Daryo